Diqqat! Sayt test rejimida ishlamoqda!
Внимание! Сайт работает в тестовом режиме!
  • Uzbek
  • Russian

JAMIYAT TOMONIDAN AKSIYALAR SOTIB OLINISHI TUG‘RISIDA MA’LUMOTLAR

Jamiyat tomonidan aksiyalar sotib olinishi to‘g‘risida

MA’LUMOT

“Aksiyadorlik  jamiyatlari  va  aksiyadorlarning  huquqlarini  himoya  qilish  to‘g‘risida”gi  Qonun  va  jamiyat  Ustaviga  asosan  jamiyat  tomonidan  aksiyalar  sotib olinishi mumkin.

Jamiyat o‘zi joylashtirgan  aksiyalarni  aksiyadorlar  umumiy  yig‘ilishining joylashtirilgan aksiyalarning bir qismini olish va ushbu aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish  yo‘li  bilan  jamiyat  ustav  fondini  (ustav  kapitalini)  kamaytirish to‘g‘risidagi  qaroriga  ko‘ra,  shuningdek  ularni  keyinchalik  belgilangan tartibda  qayta sotish maqsadida jamiyat kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra olishga haqli.

Agar muomalada qolgan aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondining (ustav  kapitalining)  ushbu  Qonunning  17-moddasida  nazarda  tutilgan  eng  kam miqdoridan  kamayib  ketadigan  bo‘lsa,  jamiyat  joylashtirilgan  aksiyalarining  umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularning bir qismini olish yo‘li bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli emas.

Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularni olish  yo‘li  bilan  jamiyatning  ustav  fondini  (ustav  kapitalini) kamaytirish  to‘g‘risida  qabul  qilingan  qarori  asosida  jamiyat  tomonidan  olingan aksiyalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Aksiyalarni  olish  to‘g‘risidagi  qarorda  olinadigan  aksiyalarning  turlari, jamiyat oladigan har bir turdagi aksiyalarning soni, aksiyalarni olish narxi, aksiyalar haqini to‘lash shakli va muddati, shuningdek aksiyalar qancha muddatda olinishi belgilab qo‘yilishi kerak.

Aksiyalarni  olish  vaqtida  ularga  haq  to‘lash  pul  mablag‘lari  bilan  amalga oshiriladi.  Aksiyalarni olish muddati aksiyalarni  olish  to‘g‘risidagi  qaror  bilan belgilanadi,  bu  muddat  o‘n  kundan  kam  bo‘lmasligi  kerak.  Jamiyat tomonidan oddiy aksiyalarni olish narxi ularning bozor qiymatiga muvofiq belgilanadi.

Qaysi muayyan turdagi aksiyalarni olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha  aksiyalarning  egasi  bo‘lgan  har  bir  aksiyador  mazkur  aksiyalarni  sotishga  haqli, jamiyat  esa  ularni  olishi  shart.  Agar  jamiyat  tomonidan  olinishi  to‘g‘risida aksiyadorlarning  arizalari  tushgan  aksiyalarning  umumiy  soni  ushbu  moddada belgilangan  cheklovlar  hisobga  olingan  holda  jamiyat  olishi  mumkin  bo‘lgan aksiyalarning  sonidan  ortiq  bo‘lsa,  aksiyadorlardan  arizada  ko‘rsatilgan  talablarga mutanosib ravishda aksiyalar olinadi.

Aksiyalar olinadigan muddat boshlanishiga kechi bilan o‘n kun qolganda jamiyat muayyan turdagi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlarni jamiyat tomonidan aksiyalar olinishi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish va o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirish  orqali  xabardor  etishi  shart.  Bildirishda  ushbu  moddaning  to‘rtinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlar bo‘lishi lozim.

Imtiyozli  aksiyalarni  olish  jamiyat  ustavida  nazarda  tutilgan  narx  bo‘yicha amalga oshiriladi.

Jamiyat tasarrufiga o‘tgan aksiyalar ovoz berish huquqini bermaydi, ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi, ular bo‘yicha dividendlar hisoblab chiqarilmaydi.

Keyinchalik qayta sotish maqsadida  jamiyat  tasarrufiga  o‘tgan  aksiyalar  ular jamiyat  tasarrufiga  o‘tgan  paytdan  e’tiboran  bir  yildan  kechiktirmay  realizatsiya qilinishi  kerak,  aks  holda  aksiyadorlarning  umumiy  yig‘ilishi  jamiyatning  ustav fondini  (ustav  kapitalini)  kamaytirish  to‘g‘risida  qaror  qabul  qilishi  lozim.

Ko‘rsatilgan muddatda realizatsiya qilinmagan aksiyalar bekor qilinishi kerak. Jamiyat tomonidan  o‘z  aksiyalarining  olinishi,  agar  qonun  hujjatlarida boshqacha  qoida  belgilanmagan  bo‘lsa,  mustaqil  ravishda  yoki  qimmatli  qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari orqali amalga oshiriladi. Jamiyat o‘zi chiqargan aksiyalar bo‘yicha ularni qaytarib sotib olish sharti bilan bitimlar  tuzishga,  shuningdek  o‘zi  chiqargan  aksiyalarni  ishonchli  boshqaruvga  berishga haqli emas.

Joylashtirilgan aksiyalarni jamiyat tomonidan olishga doir cheklovlar

Jamiyat o‘zining joylashtirilgan oddiy aksiyalarini:

jamiyatning butun ustav fondi (ustav kapitali) batamom to‘languniga qadar;

agar  oddiy  aksiyalarni  olish  paytida  jamiyatda  bankrotlik  belgilari  mavjud bo‘lsa yoki bunday belgilar u aksiyalarni olganligi natijasida paydo bo‘lsa;

agar oddiy aksiyalarni olish paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav  fondidan  (ustav  kapitalidan),  zaxira  fondidan  va  joylashtirilgan  imtiyozli aksiyalarning  jamiyat ustavida  belgilangan  tugatish  qiymatining nominal  qiymatidan ortiq  qismidan  kam  bo‘lsa  yoxud  aksiyalarni  olish  natijasida  ularning  miqdoridan kamayib ketsa, olishga haqli emas.

Ushbu Qonunning 40 va 41-moddalariga muvofiq qaytarib sotib olish to‘g‘risida talab  qo‘yilgan  hamma  aksiyalar  qaytarib  sotib  olinmaguniga  qadar  jamiyat joylashtirilgan aksiyalarni olishga haqli emas.

Aksiyadorlarning talabiga ko‘ra aksiyalarni olish

Ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar:

jamiyatni qayta tashkil etish to‘g‘risida;

joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida;

ushbu  Qonun  84-moddasining  ikkinchi  va  uchinchi  qismlariga  muvofiq  jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki boshqa shaxsga berish bilan bog‘liq yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) tuzish to‘g‘risida;

jamiyatning  ustaviga  ovoz  beruvchi  aksiyalar  egalari  bo‘lgan  aksiyadorlarning huquqlarini  cheklovchi  o‘zgartish  va  qo‘shimchalar  kiritish  yoki  yangi  tahrirdagi  ustavni tasdiqlash  to‘g‘risida  aksiyadorlarning  umumiy  yig‘ilishi  tomonidan  qarorlar  qabul qilishda, agar  ular qarshi ovoz bergan bo‘lsa yoxud ovoz berishda  uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan bo‘lsa, o‘zlariga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.

O‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish  huquqiga  ega  bo‘lgan  aksiyadorlarning  ro‘yxati  ovoz  berish  natijasida  ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin  bo‘lgan  masalalar  kun  tartibiga  kiritilgan  aksiyadorlar  umumiy  yig‘ilishida ishtirok  etish  huquqiga  ega  bo‘lgan  jamiyat  aksiyadorlari  reyestrining  ma’lumotlari asosida tuziladi.

Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ushbu aksiyalarning bozor qiymati  bo‘yicha  amalga  oshiriladi,  bu  qiymat  jamiyatning  aksiyalarni  qaytarib  sotib olishni  talab  qilish  huquqi  yuzaga  kelishiga  sabab  bo‘ladigan  harakati  natijasida qiymatning o‘zgarishi hisobga olinmagan holda aniqlanadi.

Jamiyat aksiyalarining 50 va  undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs, agar  u bungacha  mazkur  jamiyat  aksiyalariga  egalik  qilmagan  yoki  aksiyalarining  50  foizidan kamrog‘iga  egalik  qilgan  bo‘lsa,  qolgan  aksiyalar  egalariga  aksiyalarni  bozor  qiymati bo‘yicha  o‘ziga  sotishlari  borasidagi  taklifini  o‘ttiz  kun  ichida  e’lon  qilishi  shart.

Aksiyadorning  o‘ziga  tegishli  aksiyalarni  sotishi  to‘g‘risidagi  yozma  roziligi  e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida olingan taqdirda, jamiyatning 50 va undan ortiq foiz aksiyalari egasi mazkur aksiyalarni sotib olishi shart.

Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqini amalga oshirish tartibi

Jamiyat  aksiyadorlarni  o‘zlariga  tegishli  aksiyalarning  jamiyat  tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi, qaytarib sotib olish narxi va qaytarib sotib olishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida xabardor etishi shart.

Ovoz  berish  natijasida  ushbu  Qonunga  muvofiq  jamiyat  aksiyalarni  qaytarib sotib  olishini  talab  qilish  huquqi  yuzaga  kelishi  mumkin  bo‘lgan  masalalar  kun tartibiga  kiritilgan  aksiyadorlar  umumiy  yig‘ilishini  o‘tkazish  to‘g‘risida aksiyadorlarga  yetkaziladigan  xabarda  ushbu  moddaning  birinchi  qismida  ko‘rsatilgan ma’lumotlar  bo‘lishi  lozim.  Aksiyadorlarning  umumiy  yig‘ilishida  ishtirok  etish huquqiga  ega  bo‘lmagan  aksiyadorlarda  aksiyalarning  jamiyat  tomonidan  qaytarib  sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi va bunday huquqni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi axborot aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay aksiyadorlarga yuboriladi.

Aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish to‘g‘risidagi yozma talabi aksiyadorning yashash joyi (joylashgan yeri) va uning qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni ko‘rsatilgan holda jamiyatga yuboriladi.

Aksiyadorlarning  o‘zlariga  tegishli  aksiyalarning  jamiyat  tomonidan  qaytarib sotib olinishi to‘g‘risidagi yozma talablari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining tegishli qarori  qabul  qilingan  kundan  e’tiboran  o‘ttiz  kundan  kechiktirmay  jamiyatga  taqdim etilishi kerak. Mazkur muddat tugaganidan so‘ng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qo‘ygan aksiyadorlardan aksiyalarni o‘n kun ichida qaytarib sotib olishi shart.

Jamiyat  tomonidan  aksiyalarni  qaytarib  sotib  olish  ovoz  berish  natijasida ushbu  Qonunga  muvofiq  aksiyalarning  jamiyat  tomonidan  qaytarib  sotib  olinishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlarning  umumiy  yig‘ilishi  o‘tkazilishi  to‘g‘risidagi xabarda  ko‘rsatilgan  narx bo‘yicha  amalga  oshiriladi.  Jamiyat  tomonidan  aksiyalarni  qaytarib  sotib  olishga yo‘naltiriladigan  mablag‘larning  umumiy  summasi  aksiyadorlarda  o‘zlariga  qarashli aksiyalarni  qaytarib  sotib  olishni  talab  qilish  huquqi  yuzaga  kelishiga  sabab  bo‘lgan qaror  qabul  qilingan  sanadagi  jamiyat  sof  aktivlari  qiymatining  o‘n  foizidan  oshib ketishi  mumkin  emas,  bundan  jamiyatning  o‘zgartirilishi  hollari  mustasno.  Qaytarib sotib olish talabi qo‘yilgan aksiyalarning umumiy soni ushbu qismda belgilangan cheklov inobatga  olingan  holda  jamiyat  tomonidan  qaytarib  sotib  olinishi  mumkin  bo‘lgan aksiyalar  sonidan  oshib  ketgan  taqdirda  aksiyalar  aksiyadorlardan qo‘yilgan  talablarga mutanosib ravishda qaytarib sotib olinadi.

Jamiyat  qayta  tashkil  etilgan  taqdirda  jamiyat  tomonidan  qaytarib  sotib olingan aksiyalar bekor qilinadi.

Qonunning 40-moddasida  nazarda  tutilgan  boshqa  hollarda  jamiyat  tomonidan qaytarib  sotib  olingan  aksiyalar  jamiyat  tasarrufiga  o‘tadi.  Mazkur  aksiyalar  ovoz berish  huquqini  bermaydi,  ovozlarni  sanash  chog‘ida  hisobga  olinmaydi,  ular  bo‘yicha dividendlar yozilmaydi. Bunday aksiyalar qaytarib sotib olingan paytdan e’tiboran bir yildan kechiktirmay realizatsiya  qilinishi  lozim,  aks  holda  aksiyadorlarning  umumiy yig‘ilishi  mazkur  aksiyalarni  bekor  qilish  yo‘li  bilan  jamiyat  ustav  fondini  (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.