Jamiyat tomonidan aksiyalar sotib olinishi to‘g‘risida
MA’LUMOT
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va jamiyat Ustaviga asosan jamiyat tomonidan aksiyalar sotib olinishi mumkin.
Jamiyat o‘zi joylashtirgan aksiyalarni aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining joylashtirilgan aksiyalarning bir qismini olish va ushbu aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish yo‘li bilan jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, shuningdek ularni keyinchalik belgilangan tartibda qayta sotish maqsadida jamiyat kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra olishga haqli.
Agar muomalada qolgan aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan eng kam miqdoridan kamayib ketadigan bo‘lsa, jamiyat joylashtirilgan aksiyalarining umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularning bir qismini olish yo‘li bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli emas.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularni olish yo‘li bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qabul qilingan qarori asosida jamiyat tomonidan olingan aksiyalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Aksiyalarni olish to‘g‘risidagi qarorda olinadigan aksiyalarning turlari, jamiyat oladigan har bir turdagi aksiyalarning soni, aksiyalarni olish narxi, aksiyalar haqini to‘lash shakli va muddati, shuningdek aksiyalar qancha muddatda olinishi belgilab qo‘yilishi kerak.
Aksiyalarni olish vaqtida ularga haq to‘lash pul mablag‘lari bilan amalga oshiriladi. Aksiyalarni olish muddati aksiyalarni olish to‘g‘risidagi qaror bilan belgilanadi, bu muddat o‘n kundan kam bo‘lmasligi kerak. Jamiyat tomonidan oddiy aksiyalarni olish narxi ularning bozor qiymatiga muvofiq belgilanadi.
Qaysi muayyan turdagi aksiyalarni olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha aksiyalarning egasi bo‘lgan har bir aksiyador mazkur aksiyalarni sotishga haqli, jamiyat esa ularni olishi shart. Agar jamiyat tomonidan olinishi to‘g‘risida aksiyadorlarning arizalari tushgan aksiyalarning umumiy soni ushbu moddada belgilangan cheklovlar hisobga olingan holda jamiyat olishi mumkin bo‘lgan aksiyalarning sonidan ortiq bo‘lsa, aksiyadorlardan arizada ko‘rsatilgan talablarga mutanosib ravishda aksiyalar olinadi.
Aksiyalar olinadigan muddat boshlanishiga kechi bilan o‘n kun qolganda jamiyat muayyan turdagi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlarni jamiyat tomonidan aksiyalar olinishi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish va o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali xabardor etishi shart. Bildirishda ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
Imtiyozli aksiyalarni olish jamiyat ustavida nazarda tutilgan narx bo‘yicha amalga oshiriladi.
Jamiyat tasarrufiga o‘tgan aksiyalar ovoz berish huquqini bermaydi, ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi, ular bo‘yicha dividendlar hisoblab chiqarilmaydi.
Keyinchalik qayta sotish maqsadida jamiyat tasarrufiga o‘tgan aksiyalar ular jamiyat tasarrufiga o‘tgan paytdan e’tiboran bir yildan kechiktirmay realizatsiya qilinishi kerak, aks holda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi lozim.
Ko‘rsatilgan muddatda realizatsiya qilinmagan aksiyalar bekor qilinishi kerak. Jamiyat tomonidan o‘z aksiyalarining olinishi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, mustaqil ravishda yoki qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari orqali amalga oshiriladi. Jamiyat o‘zi chiqargan aksiyalar bo‘yicha ularni qaytarib sotib olish sharti bilan bitimlar tuzishga, shuningdek o‘zi chiqargan aksiyalarni ishonchli boshqaruvga berishga haqli emas.
Joylashtirilgan aksiyalarni jamiyat tomonidan olishga doir cheklovlar
Jamiyat o‘zining joylashtirilgan oddiy aksiyalarini:
jamiyatning butun ustav fondi (ustav kapitali) batamom to‘languniga qadar;
agar oddiy aksiyalarni olish paytida jamiyatda bankrotlik belgilari mavjud bo‘lsa yoki bunday belgilar u aksiyalarni olganligi natijasida paydo bo‘lsa;
agar oddiy aksiyalarni olish paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan), zaxira fondidan va joylashtirilgan imtiyozli aksiyalarning jamiyat ustavida belgilangan tugatish qiymatining nominal qiymatidan ortiq qismidan kam bo‘lsa yoxud aksiyalarni olish natijasida ularning miqdoridan kamayib ketsa, olishga haqli emas.
Ushbu Qonunning 40 va 41-moddalariga muvofiq qaytarib sotib olish to‘g‘risida talab qo‘yilgan hamma aksiyalar qaytarib sotib olinmaguniga qadar jamiyat joylashtirilgan aksiyalarni olishga haqli emas.
Aksiyadorlarning talabiga ko‘ra aksiyalarni olish
Ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar:
jamiyatni qayta tashkil etish to‘g‘risida;
joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida;
ushbu Qonun 84-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki boshqa shaxsga berish bilan bog‘liq yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) tuzish to‘g‘risida;
jamiyatning ustaviga ovoz beruvchi aksiyalar egalari bo‘lgan aksiyadorlarning huquqlarini cheklovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash to‘g‘risida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qarorlar qabul qilishda, agar ular qarshi ovoz bergan bo‘lsa yoxud ovoz berishda uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan bo‘lsa, o‘zlariga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.
O‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan aksiyadorlarning ro‘yxati ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan jamiyat aksiyadorlari reyestrining ma’lumotlari asosida tuziladi.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ushbu aksiyalarning bozor qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi, bu qiymat jamiyatning aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan harakati natijasida qiymatning o‘zgarishi hisobga olinmagan holda aniqlanadi.
Jamiyat aksiyalarining 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs, agar u bungacha mazkur jamiyat aksiyalariga egalik qilmagan yoki aksiyalarining 50 foizidan kamrog‘iga egalik qilgan bo‘lsa, qolgan aksiyalar egalariga aksiyalarni bozor qiymati bo‘yicha o‘ziga sotishlari borasidagi taklifini o‘ttiz kun ichida e’lon qilishi shart.
Aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni sotishi to‘g‘risidagi yozma roziligi e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida olingan taqdirda, jamiyatning 50 va undan ortiq foiz aksiyalari egasi mazkur aksiyalarni sotib olishi shart.
Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqini amalga oshirish tartibi
Jamiyat aksiyadorlarni o‘zlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi, qaytarib sotib olish narxi va qaytarib sotib olishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida xabardor etishi shart.
Ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida aksiyadorlarga yetkaziladigan xabarda ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bo‘lishi lozim. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan aksiyadorlarda aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi va bunday huquqni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi axborot aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay aksiyadorlarga yuboriladi.
Aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish to‘g‘risidagi yozma talabi aksiyadorning yashash joyi (joylashgan yeri) va uning qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni ko‘rsatilgan holda jamiyatga yuboriladi.
Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi to‘g‘risidagi yozma talablari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay jamiyatga taqdim etilishi kerak. Mazkur muddat tugaganidan so‘ng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qo‘ygan aksiyadorlardan aksiyalarni o‘n kun ichida qaytarib sotib olishi shart.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarda ko‘rsatilgan narx bo‘yicha amalga oshiriladi. Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy summasi aksiyadorlarda o‘zlariga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat sof aktivlari qiymatining o‘n foizidan oshib ketishi mumkin emas, bundan jamiyatning o‘zgartirilishi hollari mustasno. Qaytarib sotib olish talabi qo‘yilgan aksiyalarning umumiy soni ushbu qismda belgilangan cheklov inobatga olingan holda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi mumkin bo‘lgan aksiyalar sonidan oshib ketgan taqdirda aksiyalar aksiyadorlardan qo‘yilgan talablarga mutanosib ravishda qaytarib sotib olinadi.
Jamiyat qayta tashkil etilgan taqdirda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olingan aksiyalar bekor qilinadi.
Qonunning 40-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olingan aksiyalar jamiyat tasarrufiga o‘tadi. Mazkur aksiyalar ovoz berish huquqini bermaydi, ovozlarni sanash chog‘ida hisobga olinmaydi, ular bo‘yicha dividendlar yozilmaydi. Bunday aksiyalar qaytarib sotib olingan paytdan e’tiboran bir yildan kechiktirmay realizatsiya qilinishi lozim, aks holda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi mazkur aksiyalarni bekor qilish yo‘li bilan jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.